Dangasalik bo‘shliqdan keladi.
Quyoshdan oldin uyg‘onishga dangasamiz. Vaqtli uxlab, vaqtli uyg‘onish tanlovi bor edi, lekin kechgacha telefon o‘ynashni tanladik.
Quyoshdan oldin uyg‘onish kerak. Dangasamiz.
Ba’zan to‘g‘risini, ba’zan noto‘g‘risini tanlaymiz.
Bir donasini qoldirib, qolgan tanlovlarni olib tashlasakchi? Ildizi bilan.
Telefonga StayFree o‘rnatsak, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlardan logout qilib qo‘ysak, YouTube’ni o‘chirib, brauzerlarni ham o‘chirib tashlasak, Telegram’dan logout qilsak, telefondagi emas, haqiqiy uyg‘otgich soat ishlatsak, qiziqarli kitoblarni yostiq ustiga olib kelib qo‘ysak, aqlan emas, jismonan ham charchasak (ozgina sport), quvvatlagichdan uzoqda uxlasakchi? Har qanday aylanma yo‘lni bloklasak.
Kitob o‘qishga dangasamiz.
Telefonni yuqorida aytilgandek “kishanlab” tashlasak, hamkasblarga “chalg‘itmanglar” deb qo‘ysak, quloqchin taqib olib, bezovta qiladiganlarni eshitsa ham eshitmaganga olsak, iloji bo‘lsa uzoqroqdan joy olsakchi? Hamma joyga kitob joylashtirib chiqsakchi? Ishxona, yotoqxona, darsxona — hammasiga kitoblarni terib tashlasakchi?
Parhez qilmoqchimiz. Lekin dangasamiz. Nafs.
Ko‘chadagi yemakxonalarda ikkala turi ham bor. Ovqatimizni o‘zimiz bilan olib yursak bo‘lmaydimi? Ro‘za tutsakchi? Do‘konlardan yegulik olmaslik uchun juda oz pul bilan uydan chiqsakchi? Foydali va juda to‘yimli parhez qilsakchi (oqsilga boy narsalar)?
Chalg'imay dars qilmoqchimiz. Dangasamiz.
Telefonni boshqa xonaga eltib qo'ysak, uyda yotoqdan/oshxonadan uzoqqa o'tirsak, ishxonada bo'lsa boshqa stolga o'tib olsak, qahvaxona/kutubxonalarga cheklangan muddatgagina kirsak bo'lmaydimi?
Misollar tushuntirish uchun keltirildi, shaxsiy tajribada ishlagan, hammada ishlamasligi mumkin.
Lekin umumiy jihat aniq — boshqa tanlov qolmasin. Ya'ni bilvosita o'zini majburlash.
Bo'shliq bo'lmasa, tanlov bo'lmasa, o'ylab ko'rishga hojat bo'lmasa osonroq bitadi.