O'rganuvchi boʻling!
Mindset kitobini tavsiya qilishganiga olib o'qib koʻrdim.
Qisqaroq qilib xulosasini va fikrlarimni yozib ketaman.
Kitob bir-biriga zid dunyoqarashlar - 1) fikrlash nuqtai nazari qotib qolganlar va 2) doimiy o'rganuvchilar haqida.
Birinchi turdagi kishilar shaxsparast boʻlishadi. Hamma narsani shaxsiy qabul qilishadi, shaxslarni yaxshi koʻrib, shaxslardan nafratlanishadi. Xatosini gapirsangiz "o'zingchi?!" deyishadi.
Bu tabiat kimning tabiatini eslatadi deb o'ylaysiz?
Ha, "Men undan yaxshiroqman" deganning tabiatini.
Shaxsiyatini haqiqatga tenglashtiruvchilarning tabiati.
Bunaqalar tashqaridan kuchli, birovga muhtojmasdek koʻrinadi.
Lekin kichik bir muvaffaqiyatsizlik ularni ichidan sindirib qoʻyadi. Umidsiz qiladi.
Gap optimizm va pessimizm haqidamas, chunki bunaqa kishilar stressdan tashqari holatlarda normal hayot kechirishadi. Asosiy farq qiynalganlarida koʻrinadi.
Ikkinchi turdagi kishilar - qiynalishni yaxshi koʻradiganlar. Oʻrganish uchun imkoniyat deb biladiganlar.
Bular xatolarini oson qabul qilishadi. Oʻrganish, rivojlanishga intilib xatoning oʻzinimas, uning ortidagi foydalarni koʻrishadi.
Lekin xatodan o'rganish uchun avval uni tan olish kerak. Shu joyida koʻp qoqilamiz.
Lekin bilishimiz kerakki kuchli bizneslar xatolar va qayta urinishlar ustiga quriladi.
Dyson changyutgich yaratishda 5000 dan ortiq prototip yasagan.
SpaceX esa raketalarini bir necha bor portlatib yuborgan.
Hayotimizni butun boshli maktab deb hisoblashimiz kerak.
Bilim bizga asosan nima ishni qilishga urinib koʻrish va xatolardan oʻrgangan xulosalarimizni mustahkamlash uchun kerak boʻladi. Qolganini tajribada, xatolar qilib oʻrganib olaveramiz.
- Xurshid bro 26.02.2025 Toshkent