Intizom qayerdan keladi?

2026-04-14

3 ta unsuri bor:

  1. Intizomli kishilarni tanish, ular bilan birga yashash — muhit.
  2. Kuchli sabab bo'lishi (ota-ona, farzandlar, jamoa, do'stlar, solihlarni yaxshi ko'rish, ergashish).
  3. Eng band kunida ham qila oladigan yuklarni olish — yengilroq bo'lsa ham, har kuni qilish.

Savol tug'iladi: faqat ish/dars qilsam zerikaman. Har kuni chalg'imay ishlashni tasavvur qilib ko'rdingmi o'zi?

1. Agar vaziyatingni hisobga olib qaraganda to'g'ri joyda ishlayotgan/o'qiyotgan bo'lsang, demak ma'noli ish qilyapsan. Ma'no borligining o'zi ishlarni tugal qilishga aslida kifoya. Tub sabablariga yaxshilab qara: nega ishlayapsan, nega o'qiyapsan?

2. Ishni chalg'imay, a'lo darajada qilish birinchi navbatda ishxona yoki boshliq uchun emas — o'zing uchun kerak (ehson maqomi). Axloqing shakllanishi uchun kerak. Muqaddas burchlaring (ota-ona, oila, jamoa, vatan oldidagi) uchun kerak.

Shu sabablar yetmaydimi?

"Yetmaydi" deydiganlar ham topiladi, albatta. Chunki xoslar orasida, ehson maqomida bo'lish uchun ko'pchilik bundan mahrum bo'lishi kerak. Hamma erisha olganida, u xoslik bo'lmas edi.

← Essays