Birodar

2025-07-23

Maktub deb boshladim soʻngra nazm etdim
Soʻzlarimni, bir nafas, tingla, birodar.
Dard-u g'am, alamga koʻmilib ketdim,
Hech yo'q sen ustimdan kulma, birodar.

Haqning rizosi deb, chiqdik shu yoʻlga,
Johillarga parvo qilma, birodar.
Necha it, shoqollar yov bo'ldi yo'lga,
To'xtama, ortga qadam chekma, birodar.

Bilaman yoʻl uzoq, manzil koʼrinmas,
Safarda zahmatning keti uzilmas.
Doʻstlar ochgan yaraning davosi boʻlmas.
Lekin sen karvondan qolma, birodar.

Yalangoyoq kechdik tikondan, toshdan,
Shamol-u bo'rondan, qahraton qishdan.
Lek millat do'ppisi tushmadi boshdan,
Xoindan sadoqat kutma, birodar.

← Poems