Ichimda dard yukin olib
Shamoldek esar, ketarman.
Orzular yoʻlimni toʻssa
Seldek oqarman, ketarman.
Tobut degan yogʻoch otni,
Bezahmat minib ketarman.
Qidirib yorning vaslini,
Koʻzlarim ochiq ketarman.
Zamon toʻxtar, makon tugar,
Cheksizlik uzra ketarman.
Charogʻon yulduzlar kabi,
Mashʼala yoqar, ketarman.
Xayollarim dengiziga,
Shoʻngʻish uchun tub-tubiga.
Namlangan doʻst chehrasiga,
Soʻng bor boqarman, ketarman.